28/07/2023

Joriy yilning 27- iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi xodimlarining Qozog‘istonning Olmaota shahrida Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston davlatlari uchun salohiyatni rivojlantirish mintaqaviy markazi tomonidan “Oylik iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari” mavzusida tashkil etilgan mintaqaviy seminardagi ishtiroki natijalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimotda ushbu mintaqaviy seminarda ishtirok etgan Sanoat statistikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Sanoat ishlab chiqarishi sohasida tizimli statistik kuzatuvlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Karimov, Xizmatlar, transport va axborot infratuzilmasi sohasida tizimli statistik kuzatuvlar bo‘limi boshlig‘i Alisher Raximov hamda Makroiqtisodiy indikatorlarni shakllantirish va tahlil etish bo‘limi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Husniddin Mamatmuradovlarning olgan bilim va ko‘nikmalari hamda yakuniy xulosalari agentlik xodimlariga yetkazildi.

Taqdimot ishtirokchilari oylik iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarining shakllantirilishi, ularning choraklik milliy hisoblar bilan muvofiqligi, hisob-kitoblarda benchmarking usullarining qo‘llanilishi, ma’lumotlarni qayta ko‘rib chiqish siyosati, ma’lumotlarni e’lon qilish tartibi hamda rivojlangan mamlakatlar tajribalari bilan tanishtirildi.Shuningdek, taqdimot jarayonida mintaqa davlatlarida oylik iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini shakllantirishning hozirgi holati haqida to‘xtalib o‘tildi hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech