20/07/2023

Avval xabar qilinganidek, 2023-yil 18-19-iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasiga Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlatlararo statistika qo‘mitasi delegatsiyasi tashrif bilan keldi.Joriy yilning 19-iyul kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlatlararo statistika qo‘mitasi delegatsiyasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi rahbariyati uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda mintaqaviy hamkorlik va statistikani rivojlantirishning keng ko‘lamli masalalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining MDH mintaqasidagi valyutalarning xarid qobiliyati paritetiga asoslangan xalqaro taqqoslash dasturidagi ishtiroki, xususan, MDH Davlatlararo statistika qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi koʻrsatkichlarini hisoblash masalalari muhokama qilindi. 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan xalqaro taqqoslash dasturi natijalariga muvofiq, milliy valyutaning xarid qobiliyatini aniqlash maqsadida ularni yil oxirigacha eʻlon qilinishi taʼkidlandi.

Uchrashuvda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlatlararo statistika qo‘mitasi raisi – Konstantin Emilevich Laykam O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlatlararo statistika qoʻmitasi rahbariyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida tashkil etilgan “Statistika muzeyi”da boʻlib, oʻzining dil soʻzlarini yozib qoldirdi. Shuningdek, mehmonlar Statistika agentligi xodimlarining ish jarayonlari va yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.