2023-yil 5-iyul kuni Statistika agentligi vakillari va Singapur Statistika Departamenti (DOS) xodimlari oʻrtasida tajriba almashish, xususan, sanoat va mehnat statistikasini takomillashtirish, aholini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazish, statistik biznes registrni tuzish va yuritish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir davomida Statistika agentligi vakillari ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha Singapur Statistika Departamentining tarmoq statistikasini hisobga olish metodologiyasi, tanlanma kuzatuvlarni tashkil etish tartibi va amaliyoti bilan ham tanishdi.Oʻz navbatida Statistika agentligi vakillari singapurlik hamkasblariga Oʻzbekistonning tarmoq statistikasini yigʻish va hisobga olish amaliyotini namoyish etdilar.
Tadbirda Singapurning 2020-yildagi aholini roʻyxatga olish tadbirlarini o‘tkazishda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishdagi ilg‘or tajribasi va ushbu jarayonda foydalanilgan zamonaviy uslubiyot, ya’ni onlayn ro‘yxatga olish va CAPI uslubida planshetlar yordamida ro‘yxatga olishni oʻtkazish ishlari muhokama qilindi.Uchrashuv yakunida tomonlar statistika idoralari oʻrtasida kelgusida ham oʻzaro tajriba almashish borasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib oldilar.