Joriy yilning 15-19-may kunlari Moskva shahridagi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida MDH Statistika qoʻmitasi tomonidan ilk bor “I Xalqaro talabalar statistika festivali” doirasida statistika boʻyicha xalqaro talabalar olimpiadasi tashkil etildi. Unda Oʻzbekistondan ham ikkita jamoa ishtirok etdi.
Ushbu festivalda Tojikiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Rossiya, Belarus va Oʻzbekiston jamoalari uch bosqichli tanlovdan oʻtdi.
Bundan tashqari, festival doirasida, statistika sohasidagi boshqa davlatlarning OTM va ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilgan.
Mazkur tadbir oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad soha uchun malakali kadrlarni shakllantirib borish, statistikaning mavqeini yanada mustahkamlash hamda xalqaro talabalar ilmiy hamkorligini yanada rivojlantirishdir.
“Xalqaro talabalar statistika festivali” doirasida talabalar olimpiadasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti talabalari ham munosib ishtirok etishdi.
Xususan, vakillarimiz “Eng yaxshi mintaqaviy tahlil” va “Ilmiy tadqiqotlarda ijodkorlik” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo'lishdi.