10/03/2023

 Dunyodagi har bir mamlakat, o‘zining aholisi va uning yashash holati bo‘yicha ishonchli ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida ma’lum bir belgilangan davrlarda aholini ro‘yxatga olib boradi. 

Ko‘pchilik mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish har besh yoki o‘n yilda amalga oshiriladi.

Hozir jahonning ko‘plab rivojlangan davlatlarida aholi o‘rtacha har o‘n yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. SHundan so‘ng
1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi ro‘yxatga olingan. Ushbu tadbir so‘nggi bor 1989 yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.

Avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo‘yicha), oilaviy ahvoli, ma’lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, yashash sharoitlari, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘planadi.

Binobarin, mazkur ko‘rsatkichlar orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar hisoblanadi.

O‘z navbatida,respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.Bundan tashqari,yurtdoshlarimiz migratsiyasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar shakllantiriladi.

Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu ma’ulotlar nihoyatda qo‘l keladi.

Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish natijasida Milliy  barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish ko‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yuzaga keladi.

Amaldagi joriy hisobga ko‘ra, 2023 yilning 1 yanvar holatiga  respublikamiz doimiy aholisi soni 36 024,9 ming kishini tashkil etib, shundan shahar aholisi soni 18 335,7 ming kishini, qishloq aholisi soni 17 689,2 ming kishini tashkil etdi. Jami aholimizning 50,3 foizini erkaklar, 49,7 foizini esa ayollar tashkil etdi.