14/12/2024

     Aholini roʻyxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning oʻzi uchun zarur boʻlib, u vaqti-vaqti bilan oʻz-oʻzini koʻzguda koʻrish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Roʻyxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro oʻzi haqidagi maʼlumotlarni taqdim eta turib, oʻzlari mansub boʻlgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.

     Misol uchun, ishsizlarning soʻrovnomadagi javoblari mehnat bozorini oʻrganish va aynan kerakli joyda yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini bersa,  bolalar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qoʻl keladi. Yosh haqidagi maʼlumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya toʻlovlari uchun zarur boʻladigan mablagʻlarni jamgʻarib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablari yoki oliy taʼlimga qabul qilinadigan yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yoʻllar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan taʼminlashni rejalashtirish uchun zarur.

     Yashab turgan xonadonida (joyida) roʻyxatdan oʻtishni istamagan respondentlar instruktorlik uchastkasida faoliyat yurituvchi statsionar roʻyxatga oluvchi xodimlarga murojaat qilib, roʻyxatdan oʻtishlari mumkin boʻladi. Tuman va shahar miqyosida aholini roʻyxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini roʻyxatga olish boʻlimlari tashkil etiladi. Jarayon yakuniga yetkazilgandan soʻng hududiy statistika boshqarmalari qoshida Aholini roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini elektron bazaga kiritish markazlari tashkil etiladi.

      Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat oʻzimiz, balki kelajak avlod uchun muhim maʼlumotlarni toʻplashga erishamiz. Aholini roʻyxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qoʻllaniladi. Keyingi oʻn yillikka moʻljallangan oilalarni qoʻllab-qoʻvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bogʻchalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.

      Roʻyxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi maʼlumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va ragʻbatlantirishga yoʻl ochadi. Biznes vakillari roʻyxatga olish maʼlumotlari orqali mehnat hamda isteʼmol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, aholi toʻgʻrisida toʻplanadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi Oʻzbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi.