Joriy yilning 25-oktabr kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida saylov qonunchiligi bo‘yicha huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda boshqarmaning bosh yuriskonsulti S. To‘xtasinov saylovlarning ahamiyati, saylov jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun–mohiyatini tushuntirishga qaratilgan ma’ruza qildi.
Saylovlar – fuqarolarning davlat boshqaruvidagi bevosita va bilvosita ishtirokini ta’minlovchi siyosiy huquqi sanaladi. Bejiz, saylov huquqi sohasidagi tamoyillar va standartlar 1948 yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida aks etmagan. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining XXII bobi “Saylov tizimi” deb nomlangan bo‘lib, ushbu bob moddalarida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egaligi, har bir saylovchi bir ovozga ega ekanligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi (bundan Konstitutsiyada nazarda tutilgan muddatidan ilgari saylov o‘tkazish hollari mustasno), saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishi belgilangan.
Saylov o‘tkazish tartibi Saylov kodeksi hamda boshqa bir qator tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilam belgilanganligi ta’kidlanib, ushbu qoidalar to‘g‘risida ham batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javoblar berilib, joriy yil 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirildi.