Joriy yilning 16-avgust kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida huquqiy ta’lim bo‘yicha o‘quv soati tashkil etildi. Tadbirda viloyat statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti S. To‘xtasinov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘RQ-937-son hamda 2024-yil 7-avgustdagi “Probatsiya to‘g‘risida ”gi O‘RQ-938-son Qonunlarining mazmun–mohiyati va ahamiyati bo‘yicha ma’ruza qildi.
U o‘z so‘zida qonunga ko‘ra, fuqarolar 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlarni, 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlarni, “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlarni, 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yerni, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yerni, kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yerini, davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yerni, hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkalarni, ko‘chmas mulklarni ijara va mulk huquqi asosida rasmiylashtirish tartibi haqida batafsil ma’ruza qildi.
Yig‘ilish so‘nggida ishtirokchilarga ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan javoblar berildi.