Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil ma’lumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Birlashgan millatlar tashkiloti o‘zining 2015-yildagi rezolyutsiyasiga asosan a’zo davlatlarga har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish amaliyotini o‘tkazishni tavsiya etadi. Xo‘sh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlar aynan aholini ro‘yxatga olish orqali shakllantiriladi. Masalan,
Farg‘onada necha kishi ishsiz?
Andijonda nechta oila uy-joyga muhtoj?
Sirdaryoda yana nechta ta’lim muassasasi qurish lozim?
Qashqadaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan?
Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi va hokazo.
Aholini ro‘yxatga olish amaliyoti shu kabi ko‘plab savollarga javob, muammolarga yechim topish imkonini yaratadi.
Ko‘pchilik insonlar aholini ro‘yxatga olish amaliyotini statistik ma’lumotlar to‘plash tadbirlarining bir ko‘rinishi deb tushunadi. Ammo, bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining ma’lum bir vaqtdagi fotosuratini ko‘rish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi, mazkur davlat darajasidagi keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadigan tadbirni o‘tkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi. Ushbu amaliyot mustaqillik yillarida respublikamizda ilk bor o‘tkazilayotganini inobatga olib, uni tashkil etishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2020-yil 11-noyabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shahrixon tumani statistika bo‘limi.