O‘zbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq so‘nggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan maʼlumki, ko‘pgina mamlakatlarda aholini roʼyxatga olish tadbiri kamida har o‘n yilda bir marotaba tashkillashtirilishi anaʼnaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur tadbir bizga nima beradi?
Аholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Аholi migratsiyasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Аholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.
Ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?
Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.
Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.
Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular masʼul boʼladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real bo‘lishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin.
Yoshi va kasbidan qatʼi nazar, aholini ro‘yxatga oluchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi. Аholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Аmaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlarni uch tilda eʼlon qilinishi ko‘zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati 2025 yil 1 dekabrga qadar, deb ko‘rsatilgan. Yaʼni maʼlumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham eʼlon qilish imkoniyati mavjud.
O‘zbekistonning mukammal kadastr xaritasi yaratiladi
Аholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala.
Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obʼektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.