19/06/2023

Mamlakatimizda  aholini yalpi ro‘yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda. Aytish joizki, aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir.U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbasi bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham aynan ro‘yxatga olish natijalari asosida shakllantiriladi.Shu bilan bir qatorda, olingan yakuniy ma’lumotlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda ishonchli axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi.

Kimlar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb qilinadi ?

Mamlakatimizda oxirgi marotaba aholini ro‘yxatga olishning o‘tkazilganiga 30 yildan oshdi. Bu vaqt oralig‘ida  ro‘yxatga olishning standartlari, mexanizmlari va metodologiyasi tubdan o‘zgardi. Buni shu kungacha o‘zlarida tadbirni o‘tkazgan davlatlar tajribasidan ham yanada yaqqolroq  ko‘rish mumkin.Bugungi kunda olib borilayotgan tayyorgarlik jarayonlari mazkur tadbirning har bir mayda elementigacha puxta rejalashtirishni taqozo etmoqda. Aholini ro‘yxatga olishning ishtirokchilari bo‘lgan ro‘yxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarbdir. Chunki turli toifadagi respondentlar (ro‘yxatga olinuvchi shaxslar) bilan bevosita muloqotga kirishib, belgilangan so‘rovnomalar bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish aynan ularning zimmasidagi vazifa sanaladi va ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ular bevosita mas’uldirlar. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq. Bevosita aholini ro‘yxatga olish jarayonlari boshlanishi avvalida barcha ro‘yxatga oluvchilar ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar, ro‘yxatga olish hujjatlari tarkibi va uni to‘ldirish tartibi, ro‘yxatga oluvchi xodimlarning vazifalari, axloq normalari, respondentlar so‘rovini o‘tkazish, kelib chiqadigan barcha qiyinchiliklarni aniqlashtirish bilan muammoli masalalarni muhokama qilish, texnika xavfsizligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda maxsus o‘qitiladi va tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.Aholini ro‘yxatga olish jiddiy tayyorgarlikni talab etadigan jarayoni hisoblanadi.  Shahar va qishloq aholi punktlari kesimida aholiga doir to‘liq ma’lumotlarni olish uchun, avvalo, ushbu hududning sxematik chizmalarini mukammal tarzda qayta ishlab chiqish va uy-joylarning ro‘yxatini tuzish talab etiladi. Aytish joizki, aynan chizma va xaritalarni to‘liq ishlab chiqilishi ro‘yxatga olishga tayyorgarlikning muhim bosqichlaridan biridir.Bu bo‘yicha batafsilroq to‘xtaladigan bo‘lsak, ma’lum bir hududdagi turar, noturar va ko‘p qavatli uylarning to‘liq ro‘yxati, har bir uyda qancha odam yashashi, qaysi ko‘chada nechta xonadonda uy raqamlari mavjud, nechtasida mavjud emasligi bo‘yicha ma’lumotlar uy-joy ro‘yxatini tuzuvchilar tomonidan olinadi. O’z navbatida olingan so‘nggi ma’lumotlar asosida mavjud xaritalar va kartografik chizmalarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Aholini ro‘yxatga olish davomida aynan ushbu xaritalar hududning joylashuviga doir ma’lumotlarni o‘zida umumlashtirgan asosiy manba vazifasini bajaradi.Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda respublikamizning 200 dan ortiq tuman va shaharlarida statistika idoralari xodimlari tomonidan  kuzatish natijasida aniqlangan raqamlanmagan uy joylarni raqamlashtirish va ko‘cha nomlarini joylashtirish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Bu tadbirlar mahalliy davlat hokimiyati organlari va kadastr idoralari vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Aholini ro‘yxatga olish aholi turmush darajasini o‘rganishda juda muhim.

Aholini ro‘yxatga olish ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni ishlab chiqish - aholi farovonligini oshirishga yordam beradigan qarorlar qabul qilishga imkon beradi. Xususan, ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, avtomobil yo‘llarini qurish kabi  aholi turmush darajasini yuksaltiradigan tadbirlar har bir hududdagi aholi sonining aniqligi va uning ijtimoiy tarkibi (yosh, jins va boshqalar)  haqidagi ma’lumotlar asosida moliyalashtiriladi.Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari nafaqat, qaror qabul qiluvchilar, statistika tizimi va qonun chiqaruvchi davlat organlari uchun, balki tadqiqot va marketing kompaniyalari, xususiy sektor va siyosiy partiyalar uchun ham qimmatli ma’lumot manbai bo‘lib hisoblanadi.

Ro‘yxatga olish, olimlar aytganidek, hisobotlarda mavjud bo‘lmagan ma’lumotlarni olish yoki uning ma’lumotlarini tekshirish uchun maxsus tashkil etilgan statistik kuzatuv turi hisoblanadi. Odatda, aholini ro‘yxatga olish bir qator xususiyatlar bo‘yicha statistik kuzatuv ob’ektining soni, tarkibi va holati to‘g‘risida ma’lumot olish uchun muntazam ravishda amalga oshiriladi.