11/01/2023

Joriy yilning 9- yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi mutaxassislari tomonidan gender statistikasi veb-sayti va boshqa axborot manbalari boʻyicha taqdimot qilindi.

1_

Qoʻmita yigʻilishida senatorlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi vakillari, manfaatdor vazirlik va idoralar, qoʻmita huzuridagi ekspert guruhi aʼzolari, xalq deputatlari mahalliy kengashlarning Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha komissiya raislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

2_

Yigʻilishni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Akbarovna Qodirxonova ochib berib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

3_

Shundan soʻng, gender statistikasi boʻyicha gender.stat.uz veb-sayti va unda joylashtirib borilayotgan maʼlumotlar borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi boshqarma boshligʻi Zoyir Yo‘ldoshev taqdimot qildi.

4_

gender.stat.uz veb-saytida Gender tengligi boʻyicha qonunchilik hujjatlari va BMT tomonidan belgilangan gender koʻrsatkichlarining minimal toʻplami, 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli koʻrsatkichlari hamda Statistika agentligi tomonidan gender tengligiga oid boshqa koʻrsatkichlar toʻgʻrisida maʼlumotlar joylashtirilgan.

4

Gender statistikasi – milliy statistikaning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklarning holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida aks ettiradi.

Gender.stat.uz veb-saytida bugungi kunda 160 dan ziyod gender statistikasiga oid indikatorlar 3 ta tilda va 5 xil formatda joylashtirib borilmoqda.

Indikatorlarning 54 tasi BMT Statistika komissiyasining tavsiyasiga muvofiq shakllantirilgan minimal koʻrsatkichlar hisoblanadi.

Shu bilan birga, saytni boyitish maqsadida 110 dan ziyod qoʻshimcha koʻrsatkichlar shakllantirilib saytga joylashtirilgan.

5_

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tasdiqlangan “2020 – 2025-yillarda statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi” doirasida gender.stat.uz rasmiy veb-saytiga 2022-yil yakuniga qadar joylashtirilishi lozim boʻlgan indikatorlar soni 130 taga yetkazilishi belgilangan. Hozirgi kunda indikatorlar soni 160 tani tashkil etib, rejaga nisbatan 30 taga koʻp indikator saytga joylashtirilgan.

6_

Shuningdek, “Ayollar va erkaklar” statistik toʻplami yillik davriylikda 2 ta tilda (oʻzbek va rus tillarida) nashr etiladi. “Ayollar va erkaklar” statistik toʻplamini tayyorlashda 550 mingdan ortiq yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan statistika hisobotlari, tanlanma kuzatuv maʼlumotlari hamda vazirlik va idoralarning idoraviy maʼlumotlaridan foydalanilgan.

7_

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov qilgan taqdimotida mamlakatimizda gender statistikasiga oid maʼlumotlarni keng ommaga doimiy ravishda yetkazib borish maqsadida ommaviy axborot vositalarida bevosita chiqishlar bilan birgalikda mavzuga oid maqolalar qator gazeta va jurnallarda eʼlon qilib borilayotganini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, gender statistikasi boʻyicha maʼlumotlarni rasmiy saytda eʼlon qilish bilan birgalikda Facebook, Telegram, Instagram, Youtube kabi ijtimoiy tarmoqlarda qiziqarli infografika roliklari koʻrinishida ham yoritib borilmoqda.

8_

Maʼruzachi, yaqinda ishga tushirilgan Oʻzbekiston Respublikasi statistika portalida gender statistikasiga oid maʼlumotlarni interaktiv grafik, gistogramma va diagrammalar koʻrinishida solishtirish, shuningdek, reyting shakllantirish va koʻrsatkichlar oʻrtasidagi munosabatlarni belgilash modullari joriy etilgani borasida yigʻilish ishtirokchilariga axborot berib oʻtdi.

9_

Qoʻmita yigʻilishida ishtirok etgan senatorlar, ekspertlar, manfaatdor vazirlik va idoralar aʼzolari tomonidan berilgan savollarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi mutaxassislari atroflicha javob berib oʻtishdi.

10_

Yigʻilish yakunida gender statistikasi boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish, shakllantirish va uni foydalanuvchilarga eʼlon qilish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishiga kelishildi.