20/07/2022

 

Prezident tomonidan 16.06.2022 yildagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-779-son Qonuni imzolandi.

 

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga (yangi tahriri):

- referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Tegishli o‘zgartirish 8-moddaning 1-qismiga kiritildi;

- boshqa davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar beradigan organ belgilandi. Bu - O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi. Qo‘shimcha 8-moddaning 3-qismiga kiritildi

- 9-modda 3-qism bilan to‘ldirildi va unga ko‘ra, kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida uch kun oldin xabardor qilishi kerak;

- referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyasining aʼzosi bo‘la olmaydigan shaxslar belgilandi. Ularga siyosiy partiyalarning aʼzolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlarining, sudlarning mansabdor shaxslari, fuqarolarning tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar kiradi. O‘zgartirish 23-moddaga kiritilgan;

 

 

 

- 24-modda 4-qism bilan to‘ldirildi va unga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning aʼzolariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlarining va boshqa xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lanadi;

- Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan Oliy sudga shikoyat qilish muddati qisqartirildi. Ilgari bu muddat 10 kunni tashkil etardi. 25-moddaga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda bu muddat 5 kunni tashkil qiladi;

- 4 bo‘lim, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi va chet davlatlarda turgan fuqarolarni ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlariga kiritish haqidagi normalarni o‘z ichiga oladigan 25-1 hamda 26-1-moddalari bilan to‘ldirildi.

 

 

Axborot xizmati