Joriy yilning 22-noyabr kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida huquqiy ta’lim bo‘yicha o‘quv soati tashkil etildi. Tadbirda Andijon viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti S. To‘xtasinov O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 15-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1000-son Qonunining mazmun–mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan ma’ruza qildi:
Mazkur Qonun soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan va qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda ularni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Xususan, barqarorlik reytingi yuqori boʻlgan tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan soliqlar boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalarni qaytarish (QQS bundan mustasno) uch kunlik muddatda amalga oshiriladi.
Reyting boʻyicha "AAA" toifasidagi tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi (jinoyat ishlari doirasida oʻtkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno), ushbu toifadagi tadbirkorlik sub’yektlariga QQS summalarini qoplash tekshiruvlar oʻtkazmasdan bir kunlik muddatda amalga oshiriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi axborot-izlash tizimi (LexUZ tizimi) haqida ham ma’lumotlar berilib, ushbu tizim normativ-huquqiy hujjatlarni oson hamda qulay shaklda izlash va ular bilan tanishish imkonini berishi ta’kidlandi. LexUZ tizimining maqsadi – yuridik va jismoniy shaxslarning me’yoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini ta’minlash orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatni huquqiy axborotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishdir. Xodimlarga ushbu tizim bo‘yicha tushuntirishlar berilib, uning imkoniyatlaridan keng foydalanish tavsiya etildi.