Tasavvur qiling, qo‘lingizda Andijon viloyati xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi maʼlumotlarni aytish mumkin. Masalan, Andijon viloyatida qancha aholi yashaydi? Xo‘jaobod tumanida bandlik masalasi qay ahvolda? Oltinko‘l tumanida qancha taʼlim muassasasi mavjud? Buloqboshi tumanida aholi zichligi qanday va shunga o‘xshash boshqa muhim maʼlumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy ko‘rsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni ko‘zlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta. Aksincha, qo‘limizda har bir hududga doir aniq faktlar bo‘lsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta bo‘ladi. Aynan shuning uchun bizga butun viloyatimizni qamrab oladigan ishonchli maʼlumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart.
Bunday aniq va yaxlit maʼlumotlar esa aholini ro‘yxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab o‘tmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumot olishning yagona manbai hamdir. Fuqaroligi, nikoh holati yaʼni, rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning taʼlim darajasi (o‘rta, o‘rta-maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni, uy xo‘jalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha ko‘rsatkichlar bo‘yicha bugungi kunda yetarlicha mavjud bo‘lmagan maʼlumotlar bazasi shakllantirilgan. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritiladi. Aholini ro‘yxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz birdek manfaatdormiz.