Qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash, uning turmush darajasi va farovonligini oshirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq statistik ma'lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e'lon qilish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Ro‘yxatdan o‘tkazishda mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasining haqiqiy holati baholanadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish qishloq xo‘jaligi faoliyatining quyidagi asosiy ko‘rsatkichlarini hisobga olish orqali amalga oshiriladi:
- qishloq xo‘jaligi ob'ektlarining iqtisodiy faoliyat turlari;
- mehnat resurslari va ularning demografik tavsiflari;
- yer resurslari va ulardan foydalanish holati;
- qishloq xo‘jaligi ekinlari maydoni, ko‘p yillik daraxtzorlar va tokzorlar maydoni, issiqxonalar maydoni;
- mineral va organik o‘g‘itlar solish miqdori;
- chorva mollari va parrandalar bosh soni;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish hajmi;
- qishloq xo‘jaligi texnikalari, mashina va uskunalari soni, ishlab chiqarish infratuzilmasi, texnika vositalari va texnologiyalar holati;
- maxsus omborxonalar va saqlash joylarining soni, sig‘imi;
- mavjud qayta ishlash quvvatlari va ulardan foydalanish holati;
- qishloq xo‘jaligida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi, hajmi va boshqa ko‘rsatkichlar.
Ro‘yxatdan o‘tkazishda yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulidan foydalangan holda rasmiy statistik ma'lumotlarning shaffofligi, ishonchliligi va aniqligini ta'minlash kerak. Ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi hududida yaxlit va har bir ma'muriy-hududiy birlik bo‘yicha aniq bir vaqtda, qishloq xo‘jaligi faoliyatining turli tavsiflari to‘g‘risida xalqaro taqqoslanadigan ishonchli, xolis va yaxlit ma'lumotlarni yagona statistik metodlar asosida yig‘ish maqsadida amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- qishloq xo‘jaligi statistikasi ko‘rsatkichlarining sifati, ishonchliligi va shaffofligini yanada oshirish;
- hududlarda qishloq xo‘jaligining tarkibiy holatini baholash va qishloq joylarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishga ko‘maklashish maqsadida quyi ma'muriy-hududiy tavsifga ega aniq statistik ma'lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish;
- qishloq xo‘jaligi sohasini xalqaro tajribalarda foydalaniladigan statistik ma'lumotlar bilan taqqoslash imkoniyatiga ega bo‘lish;
- qishloq xo‘jaligi sohasiga xizmat qiluvchi infratuzilmani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish;
- milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilib borish;
- ro‘yxatdan o‘tkazish davrlari oralig‘ida dastlabki sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil etish, tanlanma kuzatuvlarni amalga oshirish uchun statistik ma'lumotlar bazasini yaratish;
- qishloq xo‘jaligi sohasining muammoli masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish.