Tadbirda statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti S. To‘xtasinov O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 13-fevarldagi “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1030-sonli Qonunining mazmun–mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan ma’ruza qildi:
Qonunga asosan, davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solinmagan qismi bo‘yicha tatbiq etiladi.
Shuningdek, mehnat shartnomasini elektron shaklda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat majmuida rasmiylashtirish tartibi joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, homiladorlik yoki bolasi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra xodimni ishdan bo‘shatish taqiqlanmoqda.
Endilikda davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilishda ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi ID-kartasi, mehnat daftarchasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab oladi.
Ilgari ish haqi saqlanmaydigan ta’tilning davomiyligi ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda 3 oydan oshmasligi kerak edi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda ushbu ta’tilning davomiyligi 12 oylik davr mobaynida jami 3 oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Mehnatga haq to‘lashning barcha tizimlaridagi xodimlarning o‘rtacha ish haqi xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi 12 kalendar oy uchun xodimga hisoblangan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar summasining 1/12 qismi miqdorida belgilanadi.
Aniqlik kiritilishicha, yakshanba har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lashda va mehnat shartnomasi bekor qilinganda foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun kompensatsiya to‘lashda hisobga olinmaydi.