07/11/2024

     Tasavvur qiling, qoʼlingizda Oʼzbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi maʼlumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpogʼistonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta taʼlim muassasasi bor, Fargʼona vodiysida aholi zichligi qanday va shunga oʼxshash boshqa muhim maʼlumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy koʼrsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni koʼzlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.

     Аksincha, qoʼlimizda har bir hududga doir aniq faktlar boʼlsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta boʼladi. Аynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli maʼlumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit maʼlumotlar esa aholini roʼyxatga olish asosida olinadi.

     Shunga qarab oʼtmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumot olishning yagona manbai hamdir.

     Oʼzbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq soʼnggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrogʼi, 1989 yilda oʼtkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan maʼlumki, koʼpgina mamlakatlarda aholini roʼyxatga olish tadbiri kamida har oʼn yilda bir marotaba tashkillashtirilishi anaʼnaga aylangan.

     Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yoʼlga qoʼyiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasida aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish konseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi farmoni huquqiy asos boʼlib xizmat qiladi.