Аxolini roʼyxatga olish toʼgʼrisidagi qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʼllaniladi:
Аholini roʼyxatga olish — Oʼzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida oʼtkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;
Аholini roʼyxatga olish sanasi — aholi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni yigʼish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);
Respondentlar — aholini roʼyxatga olish sanasida Oʼzbekiston Respublikasi hududida boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar, Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʼyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari;
Roʼyxatga olish varagʼi — koʼrsatilgan savollar boʼyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;
Roʼyxatga olish hujjatlari — aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;
Roʼyxatga oluvchi xodimlar — Oʼzbekiston Respublikasining aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrishga va uni oʼtkazishga jalb etilgan, maxsus oʼquvdan oʼtgan voyaga yetgan fuqarolari;
Uy xoʼjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʼzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʼjalik yuritadigan, pul mablagʼlarini toʼliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʼindisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida boʼlishi yoki boʼlmasligi mumkin. Uy xoʼjaligi bitta shaxsdan iborat boʼlishi mumkin.
Аholini roʼyxatga olishning asosiy maqsadi Oʼzbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur boʼlgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Аholini roʼyxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholining sogʼligʼini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam koʼrsatish boʼyicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi oʼzgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish;
shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, oʼrta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;
aholini roʼyxatga olishlar oraligʼidagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʼyicha ilmiy tadqiqotlarni oʼtkazish.
Аholini roʼyxatga olishning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:
davriylik;
umumiylik va bir paytdalik;
roʼyxatga olishning yakka tartibdaligi;
shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi;
aholini roʼyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi
Davriylik printsipi - Аholini roʼyxatga olish oʼn yilda kamida bir marta oʼtkaziladi.
Аholini roʼyxatga olishni oʼtkazish toʼgʼrisidagi qaror sanasi va muddati koʼrsatilgan holda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Аholini roʼyxatga olishni oʼtkazish toʼgʼrisidagi taklif Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, roʼyxatga olishni oʼtkazish moʼljallangan sanadan kamida uch yil oldin kiritiladi.
Umumiylik va bir paytdalik printsipi-Аholini roʼyxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir maʼlumotlarni barcha respondentlardan yigʼish Oʼzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning oʼzida amalga oshiriladi.
Roʼyxatga olishning yakka tartibdaligi printsipi Shaxsga doir maʼlumotlar yigʼilayotganda roʼyxatga olish varagʼi har bir respondent uchun yakka tartibda toʼldiriladi.
Shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi printsipi Аholini roʼyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy boʼlib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.
Аholini roʼyxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi printsipi Oʼzbekiston Respublikasi boʼyicha aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish aholini roʼyxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshiriladi.