14/03/2024

     Dunyo boʻylab ming yillar davomida oʻtkazib kelinayotgan aholini roʻyxatga olish tadbiri ilk bor eramizdan avvalgi 3800 yillarda Bobilliklar tomonidan oʻtkazilganiga tarixiy ishoralar bor. Har 6 yoki 7 yilda oʻtkazilgan bunday tadbirlarda aholi va chorva soni, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori hisobga olingani haqida tarixiy manbalarda ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan.

     Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya, Vavilon, Gretsiya va Yunoniston davlatlarida esa aholini roʻyxatga olish tadbirlari soliq toʻlovchilar va harbiy xizmatga yaroqli aholi sonini bilish maqsadida oʻtkazilgan. Shuningdek, shaharlardagi yerlar va xoʻjaliklar, hunarmandchilik va savdo-sotiq hamda ular bilan birga aholini statistik hisobga olishning turli shakllari mavjud boʻlgan.

     Aholini muntazam roʻyxatga olish tarixi 1790-yilga borib taqaladi. Oʻshanda AQShda, 1801-yilda esa bir vaqtning oʻzida Angliya, Shotlandiya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar oʻtkazilgan. Biroq ular hali mukammal boʻlmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bogʻliq boʻlmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.

     1846-yilda yirik statistik olim Adolf Ketl (1796-1874) boshchiligida Belgiyada oʻtkazilgan roʻyxatga olish birinchi chinakam ilmiy roʻyxatga olish deya e’tirof etiladi. Uning oʻziga xosligi shundaki, roʻyxatga olish muddati bir kunlik boʻlib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur roʻyxatga olish tajribasidan keyinchalik, Yevropaning koʻplab davlatlari foydalangan. 1870-1879-yillarda dunyo boʻyicha atigi 48 ta davlatda aholini roʻyxatga olish oʻtkazilgan boʻlsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar oʻz aholisini roʻyxatga olishga kirishdi.

     Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba oʻz aholisini roʻyxatga olishga da’vat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba oʻtkaziladi.