20/12/2023

2022-yilda O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish umummilliy tadbiri o‘tkaziladi. Avvaliga Prezidentning tegishli farmoni (PF-5308-son) bilan tasdiqlangan davlat Dasturi ijrosi doirasida Davlat statistika qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish konsepsiyasi ishlab chiqildi.
2019-yil 5-fevral esa mamlakatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi (PF-5655-son) Farmoni qabul qilindi. 2020-yilning mart oyida “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunini imzoladi.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, aholini ilk ro‘yxatga olish qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda o‘tkazilgan. Bundan asosiy maqsad odamlardan soliq yig‘ish, boj olish hamda harbiy safarbarlik uchun ularning sonini aniqlash bo‘lgan. Shu boisdan ro‘yxatga olishda asosan erkaklarga e’tibor qaratilgan.

Aholini eng birinchi rasmiy ro‘yxatga olish 1790-yilda AQShda, keyinchalik 1800-yilda Shvetsiya
va Finlyandiyada, 1801-yilda Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada o‘tkazilgan. Ammo bu aholi ro‘yxatlari juda oddiy shaklda hamda uzoq muddatga cho‘zilgan. Masalan, AQShda ilk aholini ro‘yxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan. XIX asrga kelib, aholini ro‘yxatga olish juda kengaydi. Qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini ro‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan,
1870-1879-yillarda dunyoning 48 ta, 1890-yillarda esa 57 ta davlatlarida aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, XX asr boshida 54 foiz aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ikkinchi jahon urushidan keyin, aholini ro‘yxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954-yillarda 151 ta davlatda, 1965-1974-yillarda 179 ta davlatda aholi ro‘yxati o‘tkazilgan. Hozirgi paytda, dunyodagi deyarli barcha davlatlarda aholini ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda. Manbalarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dastlabki aholi ro‘yxati 1897-yilda Turkiston general-gubernatorligi tomonidan o‘tkazilgan. Bu boradagi ma’lumotlar XIX asr oxirida O‘zbekistonda mavjud oilalar (va aholi) soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, o‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. O‘zbekiston hududida keyinchalik 1926-, 1939-, 1959-, 1970-, 1979- va 1989-yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlari tashkil etilgan. Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish Qonun bilan tartibga solingan. Masalan, Buyuk Britaniyada 1920-yilda “Qo‘shma qirollikda aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini ro‘yxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xo‘jaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari ro‘yxatga olinishi, aholini ro‘yxatga olishni kim o‘tkazishi, so‘rov varaqalari qanday bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, aholini ro‘yxatga oladigan hisobchilarni yollash, ularning xizmat vazifalari hamda aholini ro‘yxatga olish qoidalari ko‘rsatilgan. Buyuk Britaniyada har galgi aholini ro‘yxatga olishdan (Qo‘shma Qirollikda har o‘n yilda bir marta aholi ro‘yxatga olinadi) taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi, bunda, albatta, 1920-yilgi qonun hujjatiga havola qilinadi).

AQShda aholini ro‘yxatga olish ishlari muhim umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladi. Unda barcha aholining ishtirok etishi Amerika demokratiyasi amal etishining zarur sharti, deb baholanadi. Polshada aholini ro‘yxatga olish uzoq tarixga ega. Bu yerda mazkur tadbir Yevropada ilk bor 1764-yilda o‘tkazilgan. Mamlakatda har 10 yilda aholi qayta ro‘yxatdan o‘tadi. “Aholi ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi ruyxatga olish jarayonida taqdim etiladigan so‘rovnoma savollariga to‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish huquqiy ta’sir ko‘rilishiga sabab bo‘ladi.

Endilikda O‘zbektstonda ham 10 yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Qonunga ko‘ra ro‘yxatga olish butun O‘zbekiston yoki muayyan hududlar bo‘yicha o‘tkazilib, demografik sana va aholining ijtimoiy-iqtisodiy xarakteristikasini aniqlashga qaratilgan shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish va ularni qayta ishlash tartiblarini belgilaydi. Ushbu muhim hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli
va xolis axborotni olishdan iboratdir. Qonunda, shuningdek, aholini ro‘yxatga olish sohasida davlat organlari vakolatlari, respondent va ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari ham tartibga solingan. Aholini ro‘yxatga olish dasturi yoshi, millati, tillarni bilishi, ma’lumoti, yashash sharoitlari, yashash uchun mablag‘lar manbalari va boshqa masalalarni o‘z ichiga oladi. So‘rov davlat tilida olib boriladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar o‘z ona tillarida yoki boshqa erkin tanlangan muloqot tilida so‘rovda ishtirok etishlari mumkin. Ro‘yxatga olish bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar yuridik va jismoniy shaxslar uchun ochiq bo‘ladi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, Statistika agentligi rasmiy saytiga joylashtiriladi.

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech