15/11/2023

Inson huquqlari  boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzuda oʻquv kursi boshlandi.

 

Toʻrt kunlik mashgʻulotlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bagʻishlangan.

Ushbu muhim tadbir Oʻzbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi asosida oʻtkazilmoqda. Bundan maqsad BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi hamda BMT Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirishdir.

 

Mazkur oʻquv kursida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi vakillari ham ishtirok etishmoqda.

 

Mashgʻulotlar BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Folker Tyurkning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bagʻishlangan videomurojaati bilan boshlandi.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning videomurojaati tinglandi.

 

Mazkur tadbir mamlakatda inson huquqlarini targʻib qilish va mustahkamlash vositasi, shuningdek, sohada milliy taʼlim dasturini amalga oshirishdagi muhim qadamlardan biri ekani taʼkidlandi. Yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga toʻlaqonli muvofiq holda toʻldirilgani, unda inson huquqlari himoyasi yuksak darajada mustahkamlangani alohida qayd etildi.