30/10/2023

Joriy yilning 23–27-oktabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida Milliy tadqiqot universitetining Iqtisodiyot oliy maktabi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamgʼarmasi (YuNFPA) koʻmagida MDH davlatlarining davlat xizmatchilari va olimlari uchun “Aholi va rivojlanish” malaka oshirish dasturi doirasida seminar oʻtkazildi.

Tadbirda MDHning 7 ta – Oʻzbekiston, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston,  Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻiz Respublikasi vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasining Mehnat resurslari balansi, bandlik va mehnatga haq toʻlash koʻrsatkichlarini shakllantirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Aliya Tairova ham qatnashdi.

Ishtirokchilarga malaka oshirish dasturi doirasida Milliy tadqiqot universiteti “Iqtisodiyot oliy maktabi” va Moskva davlat universitetining yetakchi olim va mutaxassislari dars berishdi.

Tadbir davomida demografik oʻtish, barqaror rivojlanish maqsadlari, oʻlim va aholi salomatligi muammolari, tugʻilish va oila shakllanishi tendentsiyalari, migratsiya va rivojlanish, demografik oʻzgarishlar va mehnat bozori, demografik qarish va faol uzoq umr koʻrish, gender tengsizligi va rivojlanish kabi mavzularda maʼruzalar oʻqilib, taqdimotlar qilindi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech