20/10/2023

21-oktabr – yurtimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan, 2023-yil 20-oktabr kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasida ham O‘zbek tili bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari D. Yangiyev ochib, barcha xodimlarni O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi.

Mazkur madaniy-ma’rifiy uchrashuvga  “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, Demokratik jaryonlarni tahlil qilish markazi, Andijon viloyati hududiy bo‘limi mutaxassisi Ravshanbek Abdurahimov taklif etildi.

Tadbirda mehmon, ishtirokchilarni O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan samimiy tabriklab, o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, buyuk bobokalonlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida, tilni rivojlantirish, yuksaltirish barchaning vazifasi hisoblanishi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zbek tili maqomi huquqiy jihatdan belgilanganligini, Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlashi ko‘nglimizda faxr hissini oshirgan yana bir tarixiy hodisa bo‘lganligini aytib o‘tdi.

Boshqarmaning Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ul xodimi Z. Okboyeva boshqarmada o‘zbek tilida ish yuritish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat tilida ish yuritish, qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi. Shuningdek, statistik press-reliz, doklad va boshqa hujjatlarning o‘zbek adabiy tili me’yorlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Boshqarmaning ma’naviy va ma’rifiy ishlariga mas’ul xodimi J. Tuxtabayeva “Til - millat ko‘zgusidir” mavzusi bo‘yicha so‘z olib, Ona tili har bir millatning qadrli boyligi, ma’naviy qiyofasi, madaniyati, ichki dunyosini aks ettiruvchi muhim vosita ekanligini, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni, barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq o‘zbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qo‘shishimiz kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech