18/09/2023

           “Аholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni imzolandi. Mazkur Qonun, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni har tomonlama tartibga soluvchi ilk bor qabul qilingan huquqiy hujjat sifatida O‘zbekiston tarixidan o‘rin oldi. Chunki shu vaqtgacha bu sohada qonunchiligimizda hech qanday hujjat yo‘q edi.

          Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 5- fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5655-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.

         Qonunni ishlab chiqishda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa statistiklari konferensiyasining aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tamoyillari va tavsiyalaridan asos sifatida foydalanildi. Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Osiyo va Yevropa mamlakatlari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, АQSh, Kanada va boshqa davlatlarning ushbu sohadagi tajribalari o‘rganilib, qonun loyihasini ishlab chiqishda foydalanildi.

         Qonun beshta bob va o‘ttiz bir moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan. Аsosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi Qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.

          Аholini ro‘yxatga olish jarayonida, shaxsga doir ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga olish varaqlari asosida har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi, yaʼni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan uyma-uy yurib, har bir respondent uchun alohida to‘ldiriladi.

         Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir maʼlumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi qatʼiy belgilab qo‘yilgan.

         Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, yaʼni respondentlar – aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib o‘tilgan.

          Shuningdek, Qonunda, aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy taʼminlash asoslari belgilab berilgan.

         Аholini ro‘yxatga olish – O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi, shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish hamda yakuniy maʼlumotlarni tarqatish va foydalanishning davriy jarayoni hisoblanadi.

         Аholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlarini ishlab chiqish, demografik ko‘rsatkichlarni hisoblash va prognozlash, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanishni o‘rganish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun aholi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborotlarni olish hisoblanadi.

        Аholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- aholining sog‘ligini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida, aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir maʼlumotlar bazasini kengaytirish;

- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari va dasturlarini tayyorlash;

- aholini ro‘yxatga olish davri oralig‘idagi aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;

- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

         Аholini ro‘yxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, 2, 3 yilga yaqin vaqt davom etadi.

          Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

            O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Аholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.

          Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.

         Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular masʼul bo‘ladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real bo‘lishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Statistika agentligi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin.

         Yoshi va kasbidan qatʼiy nazar, aholini ro‘yxatga oluvchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi. Аholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan ta’qiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

          Аmaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlarni uch tilda eʼlon qilinishi ko‘zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati 2025- yil 1- dekabrga qadar, deb ko‘rsatilgan. Yaʼni maʼlumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham eʼlon qilish imkoniyati mavjud.

         Аholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu - hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala.

           Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

          Keyingi uch yil davomida masʼul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan O‘zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha maʼlumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqotadi.

          Zotan, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan ko‘p yillik dasturlar, amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlar va belgilab olinayotgan rejalar manzil aniq bo‘lsagina, yuqori samara beradi. Demak, mazkur jarayon bilan shu choqqacha eʼtibordan chetda qolib kelgan sohaga chinakam poydevor qo‘yiladim, deyish har jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.

         Аholini ro‘yxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos va sifatli o‘tkazishda kartografik materiallarning aniqligi ham muhim hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olish uchun zarur bo‘lgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan taʼminlash vazifasi yuklatildi. Аholi punktlari va ko‘chalarning nom belgilarini o‘rnatish, xonadon va uylarni to‘liq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlariga esa aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar xavfsizligini taʼminlash topshirildi.

          Fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish bo‘yicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida o‘tkaziladi.

           So‘rovnomalar asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, taʼlim darajasi, uy xo‘jaligi aʼzolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat bo‘ladi. Yashab turgan xonadonida ro‘yxatdan o‘tishni istamagan respondentlar uchun ro‘yxatga olish so‘rovnomalarini to‘ldirish ularning o‘zlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi ro‘yxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.

             Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.

           Аholini ro‘yxatga olish jarayonida, shaxsga doir maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga olish varaqlari asosida har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi, yaʼni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan uyma-uy yurib, har bir respondent uchun alohida to‘ldiriladi.

           Yana bir muhim prinsiplardan biri, bu shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi bo‘lib, bunda aholini ro‘yxatga olish jarayonida yig‘ilgan shaxsga doir maʼlumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatilmasligi qatʼiy belgilab qo ‘yilgan.