2025-yil 10-sentyabr kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasida Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan hududiy statistika organlari xodimlari uchun “Biznes uchun statistika” yo‘nalishida sayyor o‘quv-seminar tashkil etildi.

Tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi Statistika ishlari monitoringi bo‘limi boshlig‘i A. A‘zamov, Toshkent shahar statistika boshqarmasi boshlig‘i L. Mirsoatov, boshqarma rahbariyati, bo‘lim boshliqlari hamda masofaviy videoaloqa orqali tuman (shahar) statistika bo‘limlari xodimlari ishtirok etdi.




Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PQ-75-sonli qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektlariga “Biznes uchun statistika” konsalting xizmatini joriy etish va uni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilarga mazkur xizmatning konsepsiyasi, ko‘rsatish tartibi, xizmatlar doirasi, shuningdek, statistika hisobotlari va ma’lumotlar bilan ishlashda tadbirkorlik subyektlariga qanday axborot-tahliliy va maslahat yordami ko‘rsatilishi batafsil tushuntirildi.

Seminar davomida “Biznes uchun statistika” xizmati orqali tadbirkorlar uchun qulay, tushunarli va sifatli statistik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, hududiy statistika organlari faoliyatini ushbu yo‘nalishda takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlar haqida atroflicha fikr yuritildi.

Shuningdek, 2025-yilning ikkinchi yarmida konsalting xizmatini amaliyotga to‘liq joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, xizmatning ahamiyatini yuqori baholadilar hamda uni tadbirkorlar bilan ishlashda samarali vosita sifatida qo‘llash bo‘yicha takliflarini bildirdilar.

Seminar davomida berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.



