01/05/2025

Aholini ro‘yxatga olish sanasida quyidagi muassasa va tashkilotlarda yashayotgan shaxslar Maxsus tashkilotlarning ro‘yxatga olish birligi hisoblanadi:

- jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar ixtisoslashtirilgan davlat ta'minotidagi bolalar internat uylarida;

- ota-onasining qarovsiz qolgan va davlat ta'minotida bo‘lgan bolalar uchun bolalar shaharchalarida, “SOS-O‘zbekiston bolalar mahallalari”da;

- “Muruvvat” internat uylarida;

- bolalar uylarida;

- urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatlarida;

- “Sahovat” internat uylarida;

- shifoxonalarda uzoq muddat davolanayotgan;

- Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasi huzuridagi tashkilot va muassasalar yoki ularning oila a'zolari yashayotgan yopiq hududlarda;

- Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi tashkilot yoki muassasalarda;

- zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida;

- diniy tashkilotlarda;

- qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar.

Shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlar yashaydigan (vaqtincha bo‘lib turgan) turar joy va noturar joylarga, binolarga tashrif buyurgan holda so‘rov o‘tkazish orqali respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi.

Respondent xizmat safarida yoki boshqa maqsadlarda yashash (turgan) joyida bo‘lmaganda, u to‘g‘risidagi shaxsga doir ma'lumotlar mazkur respondent bilan birga yashovchi voyaga yetgan shaxslar tomonidan ma'lum qilinadi.

Tashkilotga qarashli turar yoki noturar joydan boshqa joyda yashovchi shaxslar ro‘yxatga olinmaydi. Ushbu shaxslar belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadi.

Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarida Tashkilot tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar kuchidan foydalaniladi. Mazkur xodimlarning ish joylari va maoshlari saqlanadi.

Aholini ro‘yxatga olish vaqtida ro‘yxatga olish va instruktorlik uchastkalari ham tashkil etilishi mumkin.

Tashkilotning aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy Statistika Qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda – Statistika qo‘mitasi) hududiy organlarining xodimlari bilan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qiladi.

Tashkilotda ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazishga umumiy rahbarlik mazkur tashkilotning ma'muriyati tomonidan amalga oshiriladi.

Tashkilot o‘z hududida istiqomat qiluvchilar va xizmatchilar soni (respondentlar) to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tuman (shahar) aholini ro‘yxatga olish bo‘limlariga taqdim etadi.

Tashkilotning chegarasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda, Tashkilot ma'muriyati tomonidan darhol tuman (shahar) aholini ro‘yxatga olish bo‘limlariga xabar berilishi lozim.

Aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish uchun Tashkilot ma'muriyati tomonidan mas'ullar va ro‘yxatga oluvchilar tayinlanadi.

Tashkilotda ro‘yxatga oluvchilar sonini aniqlashda har bir ro‘yxatga oluvchiga o‘rtacha 750 nafar respondentlar to‘g‘ri kelishini inobatga olish tavsiya etiladi (agar respondentlar soni 750 nafardan kam bo‘lsa bir nafar ro‘yxatga oluvchi tayinlash mumkin).

Tashkilot tomonidan tayinlangan ro‘yxatga oluvchi xodimlarni  o‘qitish milliy statistika qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Agar Tashkilot hududida turli xil bo‘ysunuvdagi ikki yoki undan ortiq tashkilotlar joylashgan bo‘lsa, har bir tashkilot uchun alohida ro‘yxatga oluvchi xodimlar tayinlanadi.