Select any text and click on the icon to listen!

29/04/2025

Joriy yilning 22-25-aprel kunlari Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining yillik bahorgi uchrashuvlari doirasida Milliy statistika qo‘mitasi vakillari bir qator yirik moliyaviy xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun AQSHga bordi.

Milliy statistika qo‘mitasi raisi 22-aprel kuni BMT Statistika departamenti direktori Stefan Shvaynfest bilan uchrashib, O‘zbekistonda statistika tizimini takomillashtirish, sohaga oid ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish kabi masalalarni muhokama qildi. 

Stefan Shvaynfest O‘zbekiston BMT Statistika komissiyasiga 2026-2029-yillarga ilk bor a’zo bo‘lganligini e’tirof etdi.

Jahon banki Bosh statistigi – Ma’lumotlarni rivojlantirish guruhi direktori Xayshan Fu, XVJ Statistika departamenti direktori o‘rinbosari Karol Beyker va Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy va G‘arbiy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi Bosh direktori Yevgeniy Jukovlar bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, Jahon banki bilan hamkorlikda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasini ishlab chiqish, “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi”da yanada yuqori natijaga erishish, Milliy statistika qo‘mitasini transformatsiya qilish masalalari, xususan, uslubiyotlarni xalqaro tashkilotlar tamoyillari va tavsiyalari bilan uyg‘unlashtirish va yaxshilash hamda xodimlar malakasini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan statistik ma’lumotlar yig‘ishni takomillashtirish uchun 1 million dollarlik grant loyihasini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yanada rivojlantirish borasida kelishib olishdi.

Select and listen