10/12/2024

     2024-yil 10-dekabr kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasida 10-dekabr – Oʻzbekiston  Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Shuhrating porlasin toki bor jahon” gʻoyasini oʻzida mujassam etgan madhiya kuylash maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.

     Tadbirda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari D. Yangiyev hamda boshqarmaning barcha xodimlari ishtirok etdilar. Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari D. Yangiyev so‘z olib barcha xodimlarni 10-dekabr – Oʻzbekiston  Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilingan kun bilan tabrikaladi, so‘ngra Davlat madhiyasi kuylandi.

     O‘zbekiston  Respublikasi  Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 10-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi Qonun bilan tasdiqlangan. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.

     Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va etuk insonlar bo‘lib voyaga etishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.