2024-yil 18-oktabr kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasida “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy” mavzusida navbatdagi ma’naviyat soati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-fevraldagi PQ-76-son qaroriga muvofiq bu yil O‘zbekistonda turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi nishonlanadi. Yubiley YUNESKO rahnamoligida dunyo miqyosida ham nishonlanadi.
“Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir”, — deyiladi prezident qarorida.
Ulug‘ turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli 1733-yili Atrek daryosi bo‘yidagi Xojigovshan ovulida tug‘ilgan. Maxtumquli boshlang‘ich ta’limni oilada o‘z otasidan olgan. So‘ng qishloq maktabida Niyozsolih mulla qo‘lida o‘qigan. Dastlab Maxtumquli Xalach atrofining Qiziloyoq qishlog‘idagi Idrisbobo madrasasida, keyinchalik Buxoroning Ko‘kaldosh, Xivaning Sherg‘oziy madrasalarida tahsil olgan. Maxtumquli turkman xalqining maqol va matallarini, xalq tiliga xos ayrim unsurlarni adabiyotga olib kirishda katta xizmat qilgan.
Maxtumquli she’riyati barcha turkiy millatlar, jumladan, o‘zbeklarning ham ma’naviy mulkiga aylangan. Bir necha marta she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. Ko‘plab she’rlari hofizlar tomonidan kuyga solib aytiladi. Maxtumquli haqida kinofilm, spektakl va badiiy asarlar yaratilgan.