15/10/2024

     Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024- yil 4- martdagi PQ-114-son qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning avgust oyida Statistika agentligi markaziy apparatida “Central Asia Certification” sertifikatlash tashkilotining xalqaro auditorlari tomonidan Agentlik faoliyatining xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan xalqaro sertifikatlash auditi oʻtkazildi.

     Audit yakunlari boʻyicha sentyabr oyida xalqaro sertifikatni taqdim etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

     Buning natijasida, Statistika agentligining statistika faoliyati, shu jumladan, rasmiy statistikani tayyorlash va tarqatish faoliyati “ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi” xalqaro sertifikatsiya jarayonidan muvaffaqiyatli oʻtdi.

     Shu munosabat bilan, 2024- yilning 4- oktabr sanasida MDHning II Xalqaro Statistika forumining yakunida Statistika agentligida sifat menejmenti tizimini joriy qilganligi boʻyicha ISO 9001 xalqaro sertifikatini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

     Sertifikatni TÜV AUSTRIA Group xalqaro sertifikatlash tashkilotining vakolatxonasi “Central Asia Certification” MCHJ direktori Xalida Muxamedova tantanali ravishda Statistika agentligi direktoriga topshirdi.

     Ushbu sertifikatni qoʻlga kiritish uchun Statistika agentligida tomonidan qoʻyidagi ishlar amalga oshirildi:

     birinchidan, xususiy konsalting kompaniya yollagan holda Statistika agentligi boshqaruv tizimining auditi va tahlili amalga oshirildi;

     ikkinchidan, Statistika agentligi tizimida 20 nafar mutaxassis xodimlarining ISO 9001:2015 standarti boʻyicha malakalari oshirildi va natijasi boʻyicha sertifikatlar bilan taʼminlandi;

     uchinchidan, konsalting kompaniya koʻmagida Statistika agentligining “Milliy sifatni boshqarish qoʻllanmasi” ishlab chiqildi, Statistika agentligi direktori tomonidan tasdiqlandi va tizimga joriy etildi;

     toʻrtinchidan, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijasida statistika organlari va uning tizim tashkilotlari faoliyatida statistika maʼlumotlarini tayyorlash (yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish) va tarqatish jarayonlarida sifatni taʼminlashga erishilmoqda;

     Xulosa sifatida aytish mumkinki, Statistika agentligining faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish orqali respondentlarning va foydalanuvchilarning huquqlarini toʻliq taʼminlanishiga hamda xalqaro statistika hamjamiyatidagi umumeʼtirof etilgan tavsiya va uslubiyotlar asosida rasmiy statistika maʼlumotlarini tayyorlashga erishish ustuvor maqsad qilib olingan.

462911960_1264534634685786_7108018952849508152_n

     Maʼlumot uchun: “ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi” dunyodagi eng mashhur xalqaro standart boʻlib, dunyo boʻylab 180 mamlakatlardagi milliondan ortiq tashkilotlar sertifikatlashtirgan.