O‘zbekiston Respublikasining «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi tarkibini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i (Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 6 sentyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3368-1) qabul qilindi.
Mazkur buyruqqa asosan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining 2022 yil 13 maydagi 41-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3368, 2022 yil 13 may) bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi tarkibini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish Tartibi 1-bandining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:
«manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;».
Shuningdek 27-bkndi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:
«27. Ekspertlar guruhi a’zosi quyidagi hollarda, u yoki bu davlat tashkilotining dastlabki reyting baholash natijalarini ko‘rib chiqishda manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan paytdan e’tiboran bir ish kuni ichida o‘zini ushbu davlat tashkilotining dastlabki reyting baholash natijalarini ko‘rib chiqishdan ozod qilish bo‘yicha Ekspertlar guruhi rahbariga xabar beradi:
ushbu davlat tashkilotida ekspert yaqin qarindoshi mas’ul mansabdor shaxs sifatida ishlayotgan bo‘lsa yoki dastlabki reyting baholash natijalarini ko‘rib chiqish ob’ekti (yuridik shaxs) unga aloqador shaxs bo‘lsa;
ekspertning ushbu davlat tashkilotining jamoatchilik tuzilmalariga a’zo ekanligi;
tegishli davlat tashkilotining litsenziyalar taqdim etish, mahsulotlar sotib olish va boshqa davlat xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan ekspertning bog‘liqligi mavjud bo‘lsa;
boshqa har qanday mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolsa.
Bunda, Ekspertlar guruhi rahbari tomonidan ushbu ekspertga manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan davlat tashkilotining dastlabki reyting baholash natijalari taqdim etilmasligi lozim.».