13/09/2024

       Ro'yxatga olishning an'anaviy ta'rifi uning asosiy tamoyillari, ro'yxatga olishning shaxsiyligi, bir vaqtdaliligi, ko'p tomonlamaligi va belgilangan davriyligiga asoslanadi. Biroq so'nggi 20 yil ichida EIK mintaqasida ro'yxatga olish konsepsiyasiga yanada kengroq yondashishni nazarda tutadigan yangi usullar ishlab chiqildi. Ba'zi mamlakatlarda barcha shaxslar o'rtasida so'rov o'tkazishga asoslangan an'anaviy usul ma'muriy registr ma'lumotlaridan foydalanish usuliga o'z o'rnini bo'shatib bermoqda. Shuningdek, shaxslar va ularning xususiyatlarini ommaviy ro'yxatga olishdan tashqari, aholi va eng kichik hududiy birliklar bo'yicha muhim ma'lumotlarni tez-tez olib turish mumkin. Shu sababli hozirgi vaqtda EIK mintaqasi mamlakatlari uchun aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olish umumiy ta'rifi ishlatilgan metodologiyaga qaraganda, olingan materiallarga ko'proq tayaniladi.

        Aholini ro'yxatga olish muntazam vaqt oralig'ida mamlakat hududida va uning eng kichik geografik birliklarida yashovchi aholining rasmiy hisobini, shuningdek, butun aholining bir qator ijtimoiy va demografik xususiyatlarini aniqlash bo'yicha ma'lumot olishni amalga oshirishga imkon beruvchi tadbirdir. Mazkur tadbir ma'lumotlarni to'plash, shaxslar haqidagi ma'lumotlarni qayta ishlash va umumlashtirish, shuningdek, demografik, ijtimoiy ma'lumotlarni tahlil qilish va baholash, tarqatish, aniqligiga baho berish jarayonlarini o'z ichiga oladi.

Mazkur jarayon, eng birinchi navbatda, ijtimoiy muammolarni tizimli hal qilish bo'yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga imkon berishi bilan ahamiyatlidir. 

        Aholini ro'yxatga olish - O'zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o'tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi, shaxsga doir ma'lumotlarni yig'ish va ularga ishlov berish hamda yakuniy ma'lumotlarni tarqatish va foydalanishning davriy jarayoni hisoblanadi.

Aholini ro'yxatga olishning asosiy maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlarini ishlab chiqish, demografik ko'rsatkichlarni hisoblash va prognozlash, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanishni o'rganish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun aholi to'g'risida ishonchli va xolis axborotlarni olish hisoblanadi.

      Aholini ro'yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

    - aholining sog'lig'ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, oilalarga yordam ko'rsatish bo'yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida, aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o'zgarishlarni baholashga doir ma'lumotlar bazasini kengaytirish;

      - shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o'rta va qisqa muddatli prognozlari va dasturlarini tayyorlash;

      - aholini ro'yxatga olish davri oralig'idagi aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;

     - ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo'yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.