Joriy yilning 13-sentyabr kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida huquqiy ta’lim bo‘yicha o‘quv soati tashkil etildi. Tadbirda Andijon viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti S. To‘xtasinov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-311-son Qarorining mazmun–mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan ma’ruza qildi.
Qarorga asosan, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va dori vositalarini taqdim etish Davlat byudjetiga to‘lanayotgan soliqlar hisobidan amalga oshiriladi. Bunda aholidan sug‘urta uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi. Kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb etiladi. Bunda tuman (shahar), viloyat va respublika shifoxonalarida bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi. Imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi. Shu bilan birga, tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jarayonlarni o‘z ichiga oluvchi boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilinadigan “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi axborot-izlash tizimi (LexUZ tizimi) haqida ham ma’lumotlar berilib, ushbu tizim normativ-huquqiy hujjatlarni oson hamda qulay shaklda izlash va ular bilan tanishish imkonini berishi ta’kidlandi. LexUZ tizimining maqsadi – yuridik va jismoniy shaxslarning me’yoriy-huquqiy hujjatlardan keng foydalanishini ta’minlash orqali aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatni huquqiy axborotlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishdir. Xodimlarga ushbu tizim bo‘yicha tushuntirishlar berilib, uning imkoniyatlaridan keng foydalanish tavsiya etildi.