O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 114-son qarori ijrosini ta’minlash hamda aholini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, hududlarda tanlab olingan tumanning mahalla xaritalari yordamida tumanning tashkiliy rejasini tuzish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tuman tashkiliy rejasini tuzish jarayonida xaritada aks ettirilgan aholi soni hamda har bir ro‘yxatga oluvchi xodimga belgilangan o‘rtacha yuklamadan kelib chiqqan holda, mahalla xaritalarida hisob uchastkalari chegaralari chizilgan holda ajratilmoqda, shuningdek hisob uchastkalarini birlashtirish asosida instruktorlik uchastkalari hamda ro‘yxatga olish uchastkalari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, hududlarda mavjud maxsus muassasa, tashkilotlar va ularda doimiy yashovchi aholi sonini aniqlash orqali mazkur muassasa, tashkilotlarda aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish uchun jalb qilinadigan xodimlar sonini aniqlash hamda bu orqali ushbu xodimlarni o‘qitish uchun joy, ro‘yxatga olish hujjatlari va shu kabilar bilan ta’minlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Bu aholini ro‘yxatga olishga jalb qilinadigan ro‘yxatga oluvchi xodimlar sonini aniqlash hamda roʻyxatga olish, instruktorlik uchastkalarni joylashtirish uchun binolar sonini aniqlash imkonini beradi.
Hududiy statistika boshqarmalarida amalga oshirilayotgan ishlar 2026-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi aholini yalpi ro‘yxatga olish tadbirlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va sifatli o‘tkazishda xizmat qiladi.