Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar eʼlon qilinadi.
Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Yaʼni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga eʼtibor qaratiladi.
Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki maʼlumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular masʼul boʼladi va shakllantirilgan maʼlumotlar real bo‘lishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin.
Yoshi va kasbidan qatʼi nazar, aholini ro‘yxatga oluchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi. Аholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat byudjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Аmaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlarni uch tilda eʼlon qilinishi ko‘zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan taʼminlash va eʼlon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash, yaʼni maʼlumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham eʼlon qilish imkoniyati mavjud.