25/01/2024

         Tayyorgarlik bosqichi aniq va sifatli yakuniga etkazilgach, aholini roʻyxatga olish ishlari boshlanadi. Qaror bilan belgilangan Shaxsga doir ma’lumotlarni yigʻish tartibiga koʻra, roʻyxatga olish ishlari ikki xil usulda — qogʻoz shakli hamda internet tarmogʻi orqali amalga oshiriladi.

         Birinchi usulda roʻyxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, soʻrov oʻtkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning soʻzlari asosida toʻldiradi. Bunda roʻyxatga olish ishlari besh xil shakldagi soʻrovnomalar — turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar roʻyxati, shaxsga oid savolnoma, Oʻzbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma’lumotlarni yigʻish boʻyicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida oʻtkaziladi.

 

Soʻrovnomalar asosiy demografik koʻrsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, ta’lim darajasi, uy xoʻjaligi a’zolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat boʻladi. Yashab turgan xonadonida roʻyxatdan oʻtishni istamagan respondentlar uchun roʻyxatga olish soʻrovnomalarini toʻldirish ularning oʻzlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi roʻyxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.

        Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi. Bunda soʻrovnomalar aholining oʻzi tomonidan maxsus dastur orqali toʻldirilib, belgilangan elektron manzilga joʻnatiladi.

Marxamat tumani statistika boʻlimi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech