Vatan ozodligi uchun jonini fido qilgan To‘maris, Shiroq, Spitamen, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari xalqimizning mard va jasur farzandlari biz uchun, o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun o‘rnak-namuna timsolidir.
Masalan, bobomiz Najmiddin Kubroning o‘chmas jasoratini eslaylik. Bu jasorat zamirida ona Vatanga cheksiz muhabbat va sadoqat tuyg‘usi yotadi.
O‘z davrida “Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq - mening o‘limim, sening uchun o‘lmoq - mening tirikligimdur”, deb yozgan edi Fitrat. Bu so‘zlarda vatanparvar insonning qalb nolalari ifodasini topgan.
O‘sib kelayotgan yoshlarni, ya’ni Vatanimizning bo‘lg‘usi himoyachilarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash - davr talabi. Vatanparvarlik insonning o‘z oilasiga, avlod-ajdodlarining or-nomusiga chuqur ehtiromi, vijdoniga, burchiga
va o‘z so‘ziga sodiqligidir. Agar insonni bolalik chog‘idan o‘z xalqiga, uning an‘analariga, tili va madaniyatiga muhabbat hamda hurmat ruhida tarbiya qilmasak, unda vatanparvarlik hissi bo‘lmaydi.
Hozirgi paytda yoshlarimizda vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash, ularni Vatan maʼnosini teran anglab yetishga oʻrgatish, vatanparvarlik – yuksak axloqiy tamoyil ekanini tushuntirish maʼnaviy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi. Vatan mustaqilligini taʼminlashda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, alohida oʻrin egallaydi. Shuning uchun ham vatanparvarlik tarbiyasi davr talabidir.