03/10/2023

Joriy yilning  3-oktabr kuni Saudiya Arabistoni Qirolligining Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Statistika qoʻmitasining 12-sessiyasi boshlandi.

Shu yilning 3–4-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur nufuzli sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etishmoqda.

Sessiyasining kun tartibiga koʻra, statistik salohiyatni rivojlantirish, butunjahon aholi va uy-joyni roʻyxatga olish 2020-yil raundi, aholini roʻyxatga olish faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda geofazoviy texnologiyalardan foydalanish va rasmiy statistikada elektron taʼlim dasturlarini yaxshilash kabi masalalar muhokama qilinadi.

Shuningdek, tadbir davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish hamda Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning bu boradagi ilgʻor tajribalari ham oʻrganiladi.

Maʼlumot uchun: Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Birlashgan Millatlar Tashkilotidan keyingi yirik hukumatlararo tashkilot boʻlib, tarkibiga 57 aʼzo davlatlar kiradi va toʻrt qitʼani qamrab oladi.

Aytish lozimki, mazkur tadbir jarayonida koʻrib chiqiladigan yoʻnalishlar mamlakatimizda statistika sohasida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Delegatsiya vakillarining sessiyadagi ishtiroki va xalqaro tashkilotlar hamda boshqa davlatlar statistika idoralari vakillari bilan boʻladigan uchrashuvlar haqida yana qoʻshimcha axborotlar berib boriladi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech