25/09/2023

2023-yilning 18-22-sentabr kunlari Shveytsariyaning Jeneva shahrida “BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining aholini ro‘yxatga olish haftaligi – 2023” aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish bo‘yicha ekspertlar guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi, Ro‘yxatga olish metodologiyasi va kartografik hujjatlar bilan ishlash bo'limi boshlig‘i o‘rinbosari Eshniyazov Jamshid Jahongirovich ham ishtirok etdi.

 

Tadbirning maqsadi – ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish sohasida tajriba almashish, aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish, aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish sohasida Yevropa statistiklari konferensiyasi tavsiyanomasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

 

Tadbirda Jamshid Eshniyazov O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida taqdimot qilib, tadbir ishtirokchilariga aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shuningdek, aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish sohasida Yevropa statistiklari konferensiyasi tavsiyanomasini takomillashtirish bo‘yicha 13 ta maqsadli guruhlarning hisobotlari tinglandi.

 

Shu bilan bir qatorda, tadbirda ishtirokchi davlatlar o‘rtasida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish sohasida tajriba almashilib, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Tadbir so‘ngida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazish samadorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.