Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. Chunki u o’zini “Xitoydan to Xuroson” gacha yoyilgan turkiy “qavm” (el, urug’)larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi, “yakqalam” qildi. Bu bilan millatning iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy ravnaqiga katta ta’sir ko’rsatdi.
Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab o’tdi . Qadim zamonlardan , shu jumladan, Navoiy yashagan davrda ham Xuroson va Movarounnahr bir mamlakat bo’lib, bir taxt egasi ixtiyorida kelgan, aholisining asosiy qismini turkiy xalqlar tashkil etgan. Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy tili “Andijon shevasi bilan rost” ligini aytadi. Binobarin, biz – o’zbeklar turkning eng qadim bo’g’inini tashkil etgan va bugun o’zbek millati bo’lib shakllangan xalq buyuk Navoiyning bevosita vorislaridirmiz. Navoiydek jahoniy zotga avlodlik va vorislik hissi har bir o’zbekning qalbini g’urur va iftixor tuyg’ulari bilan to’ldiradi.
Alisher saroy muhitida yashaganligi uchun alohida tarbiya va nazoratda o’sdi. Olimu fozillar davrasida bo’ldi. 3-4 yoshlarida davrining mashhur shoiri Qosim Anvarning bir she’rini yod aytib, mehmonlarni hayratga soldi. 5 yoshida esa uni maktabga berdilar. U bo’lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o’qidi.
Axborot xizmati