Tasavvur qiling, qoʼlingizda Oʼzbekiston xaritasi va unga qarab hududlarga doir birlamchi maʼlumotlarni aytish mumkin. Masalan, Qoraqalpogʼistonda qancha aholi yashaydi, Xorazmda bandlik masalasi qay ahvolda, Surxondaryoda nechta taʼlim muassasasi bor, Fargʼona vodiysida aholi zichligi qanday va shunga oʼxshash boshqa muhim maʼlumotlar. Biroq bunday yuzaki va taxminiy koʼrsatkichlar bilan bugungi jadal rivojlanish va islohotlar davrida uzoqni koʼzlab nimanidir reja qilish qiyin, albatta.
Аksincha, qoʼlimizda har bir hududga doir aniq faktlar boʼlsa, rejalarimiz ham, amallarimiz ham manzilli va puxta boʼladi.
Аynan shuning uchun bizga butun respublikani qamrab oladigan ishonchli maʼlumotlar kerak va ular tadrijiy ravishda yangilanib borilishi shart. Bunday aniq va yaxlit maʼlumotlar esa aholini roʼyxatga olish asosida olinadi. Shunga qarab oʼtmish va bugun haqida fikr-mulohaza yuritish hamda kelajakni farazlash mumkin. Shuningdek, bu aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, oilaviy holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumot olishning yagona manbai hamdir.
Mazkur tadbir bizga nima beradi?
Аholi sonini roʼyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʼlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʼish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʼlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʼrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Аholi migratsiyasi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
Oʼz navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʼrsatish boʼyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Аholi sonini ishonchli hisoblash boʼyicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol oʼynaydi.