03/05/2024

     O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni aholini ro‘yxatga olish hisoblanadi. Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iborat.

     Shu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:

     - aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;

     - shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash;

     - aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;

     - ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish.

     Aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkaziladi. Unda quyidagi tamoyillarga amal qilinadi: davriylik, umumiylik va bir paytdalik, ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi, aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi.Aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir ma’lumotlari maxfiy bo‘lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi.

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish amalga oshiriladigan savollar ro‘yxati Aholini ro‘yxatga olish dasturidir. Aholini ro‘yxatga olish dasturi quyidagi savollarni o‘z ichiga oladi:familiyasi, ismi, otasining ismi;tug‘ilgan sanasi va joyi;yoshi;jinsi;millati;fuqaroligi;yashash joyi (turgan joyi);tillarni bilishi;ma’lumoti;nikoh holati;bolalarining soni;uy xo‘jaligi tarkibi;uy-joy sharoitlari;bandligi;yashash uchun mablag‘lar manbalari;migratsiya (ichki va tashqi).O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini ro‘yxatga olish dasturiga qo‘shimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin.

     Davlat sirlariga va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga taalluqli axborotni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi savollar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

     Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, shuningdek kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zosi bo‘lgan respondentlar haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida: bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, «Bolalar shaharchalari»da; ijtimoiy muassasalarda; diniy muassasalarda; shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida; qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar ma’muriyatlari tomonidan amalga oshiriladi.

      O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.

     Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish natijasida shakllantirilgan yig‘ma statistik axborot aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridir.Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

     Aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridan foydalanishda mulkiy va ma’naviy zarar yetkazishga, fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi