“Vatan” atamasi aslida arabcha so‘z bo‘lib, ona yurt ma‘nosini anglatadi. Ibn Xaldun “Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘idir”, deb ta’rif bergan.
Inson farzandi qayerda, qaysi mamlakatda dunyoga kelsa, ana o‘sha yer uning uchun qadrli Vatanga aylanib qoladi.
Ha, har bir inson qalbida tug‘ilgan joyiga nisbatan muhabbat bo‘lishi darkor. Bir faylasufdan so‘radilar: “Yashash qiyin bo‘lgan bu cho‘lu biyobonga qanday sabr qilasizlar?” U javob berdi: “Agar insonning tug‘ilgan joyiga muhabbati bo‘lmaganida edi farovon shaharlarga odamlar sig‘mas edi”.
Vatan, millat uning farzandlari jasorati, harakati va qudrati tufayli abadiydir. Osoyishtalik, umuman, barqaror rivojlanish har bir yurtning fuqarolari vatanparvarligiga bevosita bog‘liqdir.
Vatan mustaqilligini taʼminlashda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, alohida oʻrin egallaydi. Shuning uchun ham vatanparvarlik tarbiyasi davr talabidir. Milliy vatanparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan, teran fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash milliy oʻzlikni anglashning asosiy omili boʻlib hisoblanadi. Shu bois, Vatan himoyasiga tayyorlanayotgan yoshlarimizning har biri yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi shart. Zero, vatanparvarlik ijtimoiy hayotimizning asosiy zarurati hisoblanadi, chunki usiz bunyodkorlik ham, taraqqiyot ham boʻlmaydi.