19/01/2024

 Vatan hissi insonga Vatanidan olisda bo‘lganida yaqqol seziladi. Turli sabablar bilan o‘zga yurtlarda yashagan ko‘plab vatandoshlarimizning hayoti  qayg‘uli kechgani bizga tarixdan ma‘lum. 

Buning ifodasini buyuk saltanat egasi Zahiriddin Muhammad Bobur ijodida ham ko‘ramiz. Bobur barcha imkoniyatlarga ega bo‘lishiga qaramay, tug‘ilib o‘sgan Vatanidan olisda bo‘lgani uchun o‘zini baxtiyor inson deb hisoblamaydi.

Bobur 1483-yil 14-fevralda Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijonda tug‘ilgan. Otasi Umarshayx Mirzo 1494-yil 9-iyunda Axsi qo‘rg‘onida jardan kabutarxonasi bilan qulab, halok bo‘ladi (39-yoshida). Otasi vafotidan so‘ng Andijon taxtiga Bobur o‘tiradi. 12 yoshli Bobur dastlab Shayx Mazidbek, so‘ng Boboquli Boboalibek, Qosim Qavchin kabi beklar yordamida hokimiyatni idora qilishga kirishadi. U taxt uchun tinimsiz kurashib, 1497-1500-yillarda Samarqandni, 1502-1503-yillarda O‘sh va uning atroflarini egallab oladi, ammo Ahmad Tanbaldan yengiladi. Shayboniyxon siquvi natijasida Bobur Hindiston tomonga chekinib, Hindistonga 1519-1525-yillar orasida 5 marta yurish qiladi, 1526-yil 21-aprelda Hind Sultoni Ibrohim Lo‘diyning qo‘shinini yengadi va shu tariqa Shimoliy Hindistonda Boburiylar sulolasining hukmronligiga asos soladi.

Movarounnahrni birlashtirishga urinishlari natija bermagach, Bobur ruhan qiyinalgan, amaldorlarning xiyonatlari ta’sirida umidsizlikka tushgan kezlardagi kayfiyati she’rlarida aks etgan. Keyinchalik o‘z yurtini tark etib, Afg‘oniston
va Hindistonga yuz tutganda Bobur she’riyatida Vatan tuyg‘usi, Vatan sog‘inchi, unga qaytish umidi mavj ura boshladi.

Tole‘ yo‘qki jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,

Har ishnikim, ayladim xatolig‘ bo‘ldi,

O‘z yerin qo‘yib Hind sori yuzlandim,

Yorab, netayin, ne yuz qorolig‘ bo‘ldi.