13/08/2021

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning yangi bosqichi doirasida so‘nggi yillarda milliy statistika sohasini rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, islohotlarning muhim yo‘nalishi sifatida statistika sohasining qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat statistika to‘g‘risida”gi Qonuni 2002- yilda qabul qilingan bo‘lib, tahlillar  mazkur qonunning xalqaro andozalarga, bugungi kun talablari va chaqiriqlariga to‘liq mos kelmasligini ko‘rsatdi.

Shu bois, xalqaro amaliyot va ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanilgan holda statistika sohasining amaldagi qonunchilik asoslarini takomillashtirishga qaror qilindi. Mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi  PQ-4796-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2020-2025- yillarda statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi”da  muhim vazifa sifatida belgilab berildi.

Yangi qonunni ishlab chiqishda BMTning yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Sharqiy yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari uchun maxsus ishlab chiqilgan Rasmiy statistika to‘g‘risidagi model qonuniga tayanildi.

Jarayonga Hukumat, vazirlik va idoralar mas'ullari hamda Jahon bankining xorijiy ekspertlari jalb etildi. MDH, Osiyo va Yevropa mamlakatlarining qonunchiligi hamda Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning rasmiy statistika borasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi.

Natijada, bugungi kun talabiga va xalqaro andozalarga to‘la mos keluvchi yangi O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqilib, kuni-kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Yangi Qonun 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo‘lib, avvalgi qonunimizdan tubdan farqi qiladi va asosiy jihatlar va yangiliklarni quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin:

Birinchidan, yangi tushuncha, ya'ni rasmiy statistika tushunchasi amaliyotga joriy etilmoqda. Qonunda rasmiy statistika O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik hodisalar va jarayonlarni hamda boshqa hodisalar va jarayonlarni tavsiflovchi, ushbu qonunning qoidalariga muvofiq tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma'lumotlaridan iboratdir deb aniq belgilab qo‘yilmoqda.

 Bundan buyon ushbu Qonun qoidalariga muvofiq tayyorlanmagan har qanday statistika ma'lumoti rasmiy deb tan olinmaydi va mazkur tushuncha yordamida milliy axborot makonida rasmiy va normasiy statistik ma'lumotlarni aniq ajratib olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, yangi qonunimizda statistika sohasida qo‘llaniladigan boshqa asosiy tushunchalar ham aniq yoritib berilgan.

Ikkinchidan, milliy statistika tizimi tashkil etilib, uning tarkibiga statistika organlari bilan bir qatorda rasmiy statistika masalalari doirasida boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchi va tarqatuvchi davlat boshqaruvi organlari ham kiritilmoqda.

Xususan, yangi qonunda milliy statistika tizimi subyektlari sifatida rasmiy statistika ma'lumotlarini tayyorlashda bevosita ishtirok etuvchi 30 dan ziyod davlat boshqaruvi organlarining huquq, vazifa va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Milliy statistika tizimi faoliyatini samarali muvofiqlashtirib borish maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi vakolatli organ sifatida belgilanmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasiga boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyatlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi nuqtai nazaridan auditdan o‘tkazish vakolati qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Rasmiy statistikaning rivojlantirilishi, faoliyat ko‘rsatishi va muvofiqlashtirilishi muammolari bo‘yicha kollegial maslahat organi sifatida Davlat statistika qo‘mitasi huzuridagi Statistika kengashining huquqiy maqomi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, respondentlar, ma'muriy ma'lumotlarni yetkazib beruvchilar hamda statistik ma'lumotlardan foydalanuvchilarning vakolatlari, vazifa va majburiyatlari ham aniqlashtirilmoqda.

Uchinchidan, avvalgi qonunimizda statistika ishlari dasturining tavsifi, uni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi batafsil yoritilmagan, uzoq yillik va yillik statistik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va moliyalashtirish tartibi, statistik kuzatuvlar hamda ro‘yxatga olishlarning turlari va ularni amalga oshirishga oid qoidalar nazarda tutilmagan edi.

Yangi Qonunimiz bu bo‘shliqlarni to‘ldirib, tegishli qoidalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, yangi qonunimizda rasmiy statistik ma'lumotlarning sifati va ularni baholash bo‘yicha talablar belgilanmoqda.

Ya'ni, statistikaning sifatini ta'minlash maqsadida rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan ma'lumotlarni baholashning statistik usullaridan foydalanishi, foydalaniladigan manbalar va usullarni hujjatlashtirib borishi, bundan tashqari respondentlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, ilmiy jamoatchilik bilan statistik metodologiyani baholash va uni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish kabi mexanizmlar o‘z aksini topmoqda.

Bundan tashqari, statistik ma'lumotlar bilan ishlashga oid qoidalar aniqlashtirilmoqda.

Xususan, bugungi kunga qadar statistik ma'lumotlarni tayyorlash, ulardan foydalanish, e'lon qilish va tarqatish, shuningdek, qayta ishlash va saqlashda axborot xavfsizligini ta'minlash borasida talablar mavjud emas edi. Yangi qonunda bu bo‘shliqlar bartaraf etilib, ma'muriy, individual va maxfiy ma'lumotlardan foydalanish qoidalari va maqsadlari belgilanmoqda.

Shuningdek, rasmiy statistikani tayyorlovchilar tomonidan statistik ma'lumotlarni barchaga baravar foydalanish imkonini yaratish, ularni foydalanuvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun izohlar bilan birga belgilangan muddatlarda nashr qilinishi hamda rasmiy saytlar va OAVlarda e'lon qilinishi ta'minlanishi bo‘yicha qoidalar aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Yangi Qonun xalqaro statistik hamjamiyat tomonidan tavsiya etilgan rasmiy statistikaning asosiy tamoyillariga mamlakatda to‘liq rioya qilish uchun zarur va ishonchli huquqiy asosni yaratib beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonuni milliy statistika tizimi faoliyatini tartibga solish barobarida,  rasmiy statistikaning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash borasidagi islohotlarning natijadorligiga erishish, foydalanuvchilarning ishonchli, sifatli va dolzarb rasmiy statistik ma'lumotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish va shak-shubhasiz mamlakatning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Axborot xizmati