Dastlabki aholini roʻyxatga olishlar. Aholini roʻyxatga olish tadbiri dastlab Yevropa mamlakatlarida yoʻlga qoʻyila boshlagan. Sobiq ittifoq davrida “Butunittifoq aholini umumiy roʻyxatdan oʻtkazish” dasturi doirasida dastlab 1926-yili “perepis” oʻtkazilgan va 4,6 mln. kishi Oʻzbekiston hududida istiqomat qilishi aniqlangan. Oxirgi roʻyxatga olish 1989-yida amalga oshirilgan va 19,7 mln. aholi soni aniqlangan. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish oʻtkazilmagan. Bu esa oʻz navbatida, aholi soniga, yosh-jins tarkibi, aholi joylashuvi xususiyatlariga oid mavjud ma’lumotlarni qoʻllashni sezilarli darajada cheklamoqda.
Xorijiy tajriba. Har bir jamiyatda aholini roʻyxatga olish oʻz geografik joylashuvi va milliy tarkibidan kelib chiqib, kamida har 10 yilda tashkil qilinishi tartibga aylangan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yil 10-iyundagi “2020-yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasiga tayanib, az’o-davlatlarni 2020-yilda Butunjaxon aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish dasturi doirasida aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishga taalluqli xalqaro va hududiy tavsiyalarni inobatga olgan holda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishni oʻtkazishga qat’iy da’vat etadi.
Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonlarini oʻz ichiga oladi va kelgusi 30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatqichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muxtoj qatlamlariga yordam koʻrsatish boʻyicha zarur ma’lumotlarni olish hamda aholi sogʻligini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam koʻrsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda imkonini beradi.
Ro‘xatga olish bosqichlari. Birinchi bosqich 3 yilga yaqin davrda axborot tushuntirish ishlarini oʻtkazish, bino, transport, aloqa vositalari bilan ta’minlash va boshqa tayyorgarlik koʻrish ishlari oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqich 10 kundan 60 kungacha davrda bevosita aholini roʻyxatga olish amalga oshiriladi va uchinchi bosqich 2-3 yilgacha davrda materiallarni avtomatlashtirish, kodlash, natijalarni e’lon qilish va tarqatishni oʻz ichiga oladi.