Bayrog‘imiz, g‘urur va faxrimiz timsolidir. Ozod va obod Vatanimiz – O‘zbekistonning bayrog‘i ham bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’aladir.
Bayrog‘imizdagi har bir rang, har bir belgi o‘ziga xos ma’noga ega. Undagi moviy rang kuch-qudratni, tinchlik va barqarorlikni o‘zida aks ettiradi. Oq rang poklik, beg‘uborlikni ifodalab kelgan. Yashil rang esa, yasharish va yangilanish ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz, asriy qadriyatlarimiz, iymon-e’tiqodimiz timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar tomirimizdagi ajdodlar qoni – mangulik nishonasidir.
Har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Toki bayroq bor ekan, millat bor, davlat bor, Vatan bor. O‘zbekiston farzandlari qayerda bo‘lmasin, qanday natijalarga erishmasin Vatan bayrog‘ini ardoqlaydi. Chunki bayroq — hurlik timsoli, ezgulik, tinchlik ramzidir!