18/10/2023

21-oktabr – yurtimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida ham O‘zbek tili bayrami munosabati bilan madaniy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

Mazkur madaniy-ma'rifiy uchrashuvga Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi ko‘magida O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi, “Do‘stllik” ordeni sohibi, 20 dan ziyod kitoblar muallifi, yozuvchi va shoir Chorsham Ro‘ziyev taklif etildi.

Tadbirda mehmon ishtirokchilarni O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, Mahmud Qoshg`ariy, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi buyuk bobokalonlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi.

Shuningdek, o‘zbek tiliga o‘tmishda bo‘lgan to‘siqlar hamda bugungi kunda berilayotgan yuksak e'tibor xususida batafsil to‘xtalib o‘tildi. O‘z ijod namunalaridan soha xodimlariga o‘qib eshittirdi.

Statistika agentligi direktorining Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Qiyomiddin Ahmedov agentlikda o‘zbek tilida ish yuritish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat tilida ish yuritish, qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi. Shuningdek, statistik press-reliz, doklad va boshqa hujjatlarning o‘zbek adabiy tili me’yorlariga rioya etilishi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Uchrashuv davomida Chorsham Ro‘ziyev til, ko‘ngil, mehr-muhabbat haqida yozilgan ijod namunalaridan o‘qib, ishtirokchilar qalbiga zavq-shavq ulashdi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech