12/10/2021

Tayyorgarlik bosqichi aniq va sifatli yakuniga yetkazilgach, 2023 yilning noyabr oyida aholini roʼyxatga olish ishlari boshlanadi. Qaror bilan belgilangan Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish tartibiga koʼra, roʼyxatga olish ishlari ikki xil usulda — qogʼoz shakli hamda internet tarmogʼi orqali amalga oshiriladi.

 

 

Birinchi usulda roʼyxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib, soʼrov oʼtkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning soʼzlari asosida toʼldiradi. Bunda roʼyxatga olish ishlari besh xil shakldagi soʼrovnomalar — turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar roʼyxati, shaxsga oid savolnoma, Oʼzbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish boʼyicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi berish asosida oʼtkaziladi.
Soʼrovnomalar asosiy demografik koʼrsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, taʼlim darajasi, uy xoʼjaligi aʼzolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat boʼladi. Yashab turgan xonadonida roʼyxatdan oʼtishni istamagan respondentlar uchun roʼyxatga olish soʼrovnomalarini toʼldirish ularning oʼzlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi. Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi roʼyxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.
Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmogʼi orqali roʼyxatdan oʼtish imkoniyati yaratiladi. Bunda soʼrovnomalar aholining oʼzi tomonidan maxsus dastur orqali toʼldirilib, belgilangan elektron manzilga joʼnatiladi.
— Аholini roʼyxatga olishning birlamchi maʼlumotlari hududiy statistika boshqarmalari huzurida tashkil etiladigan markazlarda maxsus dasturiy taʼminot asosida 2024 yil 1 yanvardan 31 dekabrga qadar operatorlar tomonidan elektron bazaga kiritiladi, — dedi Qobil Berdiqulov. — Roʼyxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yigʼma roʼyxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar, shu jumladan, erkaklar va ayollar boʼyicha aholi soni toʼgʼrisidagi dastlabki maʼlumotlar esa 2024 yil 1 martga qadar tayyorlanadi. Аholini roʼyxatga olishning elektron maʼlumotlar bazasi 2025 yil 1 dekabrgacha tahlil etiladi va yakuniy maʼlumotlar respublika hamda hududlar boʼyicha shakllantirilib, rasman eʼlon qilinadi.

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech